MADANIYAT

Muhabbat o‘lkasi – Hindiston taassurotlari

1.      Nyu-Dehli
Aeroportdan chiqib, Nyu-Dehli ko‘chalariga qadam qo‘ygan zahotingiz bu mamlakatning o‘ziga xos olamiga duch kelasiz. Qadimiylik va zamonaviylik, an’ana va taraqqiyot, turfa madaniyatlar va qarashlar uyg‘unlashib ketgan. Bir tomonda asrlar silsilasidan omon qolgan tarixiy inshootlar, ikkinchi tomonda zamonaviy binolar, metro va shiddatli shahar hayoti kishini hayratga soladi. Bu yurtni faqat ko‘rish emas, anglash ham kerakligini dastlabki daqiqalardanoq his qilasiz.
 
Safar rejasi
Madaniy meros agentligi tomonidan nashrga tayyorlangan “O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reyeystri”ning 4-tomida Hindistonning Patna shahrida joylashgan Xudo baxsh Sharq kutubxonasida yurtimiz allomalariga tegishli bo‘lgan 85 nomdagi asar mavjud bo‘lib, ularning 7 tasi Ibn Sino qalamiga mansubligi ta’kidlangan. “Quruq gapning o‘zi hech qachon dalil bo‘lolmaydi”, deyiladi alloma hikmatlarida. Ekspedisiya a’zolari ushbu asarlar bilan tanishish, Xudo baxsh Sharq kutubxonasida va Aligarh shahridagi Ibn Sino akademiyasi fondlarida yangi aniqlangan va bobomizning hali biror reyeystrga kiritilmagan 109 nomdagi qo‘lyozmasini o‘rganishni niyat qilishgan. Safarimizning ilk kunlarida Hindiston poytaxti Nyu-Deli shahrida bo‘lib, o‘zbek-hind madaniy aloqalarinig naqadar qadimiyligiga yana bir amin bo‘ldik. Ajdodlarimizning, xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan buyuk sulola yaratgan tarix bugungi kunga qadar Hindiston tarixining eng muhim jihati ekanligini namoyon etib turibdi.
Men uchun bu safarning yana bir maqsadi Hindiston zaminidagi O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq jihatlarni ham ko‘rish edi. Axir xalqlar tarixini faqat davlat chegaralari bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Asrlar davomida ilm-fan, adabiyot, savdo-sotiq va madaniy aloqalar orqali shakllangan rishtalar borki, ular masofalarni ham, zamonlarni ham yengib o‘tadi.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tarixiy munosabatlar ana shunday mushtarak sahifalarga boy. Amir Temurning Hindistonga yurishi, Hazrat Bobur Mirzoning bu zaminga kelishi va Hindistonda buyuk Boburiylar sulolasiga asos solishi – ikki xalq tarixida alohida o‘rin tutadigan voqealardir. Bundan tashqari Hindistonda buyuk ajdodlarimiz Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniyga alohida ehtirom ko‘rsatiladi. Zero, Beruniyning “Kitob ul-hind” (“Hindiston”) asari Hindiston haqida yozilgan ilk noyob ilmiy asarlardan biri bo‘lib aynan shu asar tufayli “XI asr Beruniy asri” deb nomlangan. Ibn Sinoning esa “Tib qonunlari” hind xalq tabobati va zamonaviy tibbiyotdagi asosiy qo‘llanmadir.
 
Kechagi tarix va bugungi taraqqiyot
 
Nyu-Dehlining yana bir o‘ziga xos jihati – tarix bilan taraqqiyotning yonma-yon, bir parallelda ekanligidir. Metro bekatlaridagi harakat, yo‘llardagi tinimsiz oqim, zamonaviy savdo markazlari va tarixiy inshootlar bir-biri bilan uyg‘unlashib, bugungi Hindiston qiyofasini aks ettiradi. Shaharni kuzatar ekansiz, taraqqiyotning muhim shartlari haqida ham o‘ylaysiz va miyangiz achib ketadi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra bugungi kunda Hindiston aholisi 1 milliard, 476.6 million. Nyu-Deli aholisi esa 23 milliondan ortiq. Endi tasavvur qilavering. Metro, avtobus, mashina, riksha, motosikl, velosiped, piyodalar qorishib ketgan yo‘llardan o‘tib borar ekansiz ertaklar olamiga tushib qolgandek bo‘lasiz. Nazarimda, hind xalqi ancha xotirjam ekan. Shuncha tirbandlik va bosimda asabiylashib, bir-biri bilan urib-baqirayotgan yoki bir-biriga hurmatsizlik ko‘rsatayotgan odamlarni ko‘rmaysiz. Bu ham bir ibrat. Hatto toloto‘p bozor ko‘chalarida ham har kim o‘z yo‘lida va o‘z o‘y-xayoli va dardi bilan. Ammo tozalik va chiqindilar masalasi alohida mavzu...
Safar davomida o‘ylab qoldim: O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni faqat kitoblar va ilmiy tadqiqotlar orqali emas, zamonaviy media imkoniyatlaridan foydalangan holda ham keng targ‘ib qilish kerak ekan. Masalan, ikki mamlakat tarixida iz qoldirgan buyuk shaxslar, allomalar, shoirlar, me’moriy obidalar va tarixiy manzillar haqida qo‘shma hujjatli filmlar yaratish mumkin. Bunday loyihalar nafaqat tarixiy bilimlarni boyitadi, balki xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni ham mustahkamlaydi.
 Qizil qal’a (Red Fort)
Nyu-Dehlida boburiylar tarixi bilan bog‘liq bir necha tarixiy maskanlar bor. Qizil qal’a, Jome masjidi, Humoyun maqbarasi, Bedil bog‘i shular jumlasidandir.
Safarimiz davomida Qizil qal’ani tomosha qilish alohida taassurot qoldirdi. Hindlar «Lal Qila» deb ataydigan bu muhtasham inshootga yaqinlashar ekansiz, uning qizil toshdan qad rostlagan ulkan devorlari beixtiyor e’tiboringizni tortadi.
Qizil qal’a 1638 yilda Boburiylar sulolasining beshinchi hukmdori Shoh Jahon tomonidan qurdirila boshlangan va 1648 yilda yakunlangan. U yangi poytaxt – Shohjahonobodning saroy-qal’asi sifatida barpo etilgan. Bu inshoot nafaqat harbiy mudofaa vazifasini bajargan, balki saltanatning qudrati, me’moriy didi va madaniy salohiyatini namoyon etgan. Qal’a hududiga kirganingizda, uning me’moriy yechimlari, saroylari, pavilonlari va naqshlarida turli madaniyatlar uyg‘unligini ko‘rasiz. Fors, temuriy va hind me’morchilik an’analari bir-biri bilan qorishib, o‘ziga xos uslubni shakllantirgan. Ayniqsa, saroy xonalari orqali o‘tgan «Nahri bihisht» – «Jannat arig‘i» deb ataluvchi suv yo‘li o‘tmishdagi hashamat va nafosatdan darak beradi. Qizil qal’ani Boburiylar saltanatining yuksalishi, keyingi tanazzuli va Hindiston tarixidagi ulkan siyosiy o‘zgarishlarni aks etgan maskan ham deyish mumkin.
1857 yilgi voqealardan keyin qal’a Britaniya mustamlakachiligi davrining ham guvohi bo‘ldi. Hindiston mustaqillikka erishganidan keyin esa uning Lohur darvozasi ustidagi maydon mamlakat milliy mustaqilligining ramziga aylandi. Har yili 15 avgust kuni Hindiston Bosh vazirining davlat bayrog‘ini ko‘tarib, xalqqa murojaat qilishi ham shu yerdagi tarixiy an’anaga aylangan. Qizig‘i shundaki, bugungi kunda qal’aga kuniga 12.000-15.000 sayohatchi kelar ekan. Ayniqsa, kechki paytda nihoyatda gavjum bo‘lar ekan.
Qizil qal’a 2007 yilda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, poytaxtdagi eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan maskan hisoblanadi.
 
Humoyun maqbarasi (Humayun’s Tomb)
 
Humoyun maqbarasi Hindistondagi muhtasham me’moriy yodgorlik bo‘lib,  XVI asrning 2-yarmida  Dehli shahrida Humoyunning o‘g‘li Akbarshoh tomonidan qurilgan. Maqbara murabba tarhli (47x47 m) bo‘lib, umumiy balandligi 37,5 metrni tashkil etadi. Ikki qavatli ushbu maqbara qizil qumtosh va oq marmardan bunyod etilganligi aytiladi.. Asosiy bino 3 qismdan iborat bo‘lib, bosh tarzi peshtoq-ravoqli, markaziy xona qo‘sh gumbazli, uning yonidagi doira-ko‘shk shaklidagi xonalar tepasiga gumbazli qafasalarishlangan. Maqbara atrofi devor bilan o‘ralgan chorbog‘ning markazida joylashgan. Maqbara majmuasida Boburiylar sulolasi vakillaring 150 dan ortiq qabri mavjud. Shu sababdan bo‘lsa kerak, “Boburiylar sulolasi maqbaralari majmuasi” ham deyilar ekan. Maqbaraning markaziy gumbazida O‘rta Osiyo va Eron me’morligining ta’siri seziladi. Humoyun maqbarasi keyinchalik bunyod etilgan Tojmahal uchun namuna vazifasini o‘tagan ekan.
Humoyun maqbarasi 1993 yilda YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
 
Juma masjid (Jama Masjid)
 
Nyu-Delining eski qismida joylashgan ushbu ibodatxona Hindistondagi eng yirik va tarixiy masjidlardan biri. U Buyuk Boburiylar sulolasi davrida imperator Shoh Jahon tomonidan bunyod ettirilgan. Uning asl nomi Masjidi Jahonnuma bo‘lib, fors tilida «Jahonni aks ettiruvchi masjid» degan ma’noni anglatadi.
Juma masjidi nafaqat diniy inshoot, balki Boburiylar imperiyasining siyosiy va madaniy qudratini ifodalovchi tarixiy yodgorlik hamdir. U Qizil qal’a va Chandni Chovk bozori bilan birgalikda eski Dehlining tarixiy qiyofasini shakllantiradi.
Masjidning uchta katta kirish darvozasi mavjud. Ikkita baland minorasi bor. Uchta katta gumbaz bilan bezatilgan. Hovlisi bir vaqtning o‘zida taxminan 25 ming namozxonni sig‘dira oladi. Minoralarining balandligi taxminan 40 metr. Masjidning sharqiy darvozasi tarixda imperator va uning oilasi uchun mo‘ljallangan ekan.
 
Bedil – ikki zaminni bog‘lagan ma’naviy ko‘prik
 
Safar davomida menda mahzun taassurot qoldirgan manzillardan biri Mirzo Abdulqodir Bedil nomi bilan bog‘liq ziyoratgoh bo‘ldi. Bu joy Nyu-Dehlidagi Bog‘i Bedil (Bagh-e-Bedil) deb ataladi. U Purana Qila qal’asi ro‘parasida, Matxura yo‘lida joylashgan.
Bedil 1644–1720 yillarda yashab, fors tilida ijod qilgan atoqli shoir, faylasuf va mutafakkir. Uning asarlari nafaqat Hindiston, Eron, balki Markaziy Osiyoda ham keng tarqalgan. Ayniqsa, o‘zbek mumtoz adabiyoti va ziyolilar tafakkurida Bedil ijodining ta’siri sezilarli bo‘lgan. Bunga qadimda o‘tkazilgan Bedilxonliklar ham misol bo‘la oladi.
Mirzo Abdulqodir Bedil qabri qarshisida turib, bir narsani o‘ylaysiz: inson qaysi zaminda yashamasin, uning haqiqiy umri qoldirgan ma’naviy merosi bilan o‘lchanadi. Binobarin, Bedil bugun ham o‘qilayotgani, o‘rganilayotgani, turli xalqlar tomonidan qadrlanayotgani bilan bunga misoldir.
 
Ranglar tilida so‘zlayotgan Hindiston
 
Hindistonni tarixiy obidalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaganidek, uni ranglarsiz ham tasavvur qilish qiyin. Ko‘chalardagi rang-barang manzaralar, ayollarning milliy libosi – sari, bozorlardagi turfa mahsulotlar, qizil rangning to‘y va marosimlardagi alohida o‘rni bu xalqning boy madaniy dunyosidan darak beradi. Ayniqsa, sari kiygan ayollarni ko‘rganingizda, libosning shunchaki kiyim emas, balki milliy o‘zlik va an’analar ifodasi ekanini anglaysiz. Qizil rang esa hind madaniyatida muhabbat, nikoh, baxt va xayrlilik kabi tushunchalar bilan bog‘liq ramziy ma’nolarni ifodalaydi.
Mahalliy bozorlar ham alohida bir olam. Biz uchun notanish bo‘lgan sabzavotlar, jumladan, achchiq ta’mli taomlar, turli ziravorlar va meva-chevalar Hindistonning ovqatlanish madaniyati haqida tasavvur beradi. Oddiy bozor aylanish esa ham bir xalqning turmush tarzini o‘rganish imkoniyatiga aylanadi. Axir dono xalqimiz Dono xalqimiz “To‘q bo‘lsang, mozorga bor, och bo‘lsang, bozorga bor”, deb bejizga aytmagan.
Darvoqe, Hindistonning ta’lim tizimi, tibbiyoti haqida uzoq gapirish, mulohaza yuritish mumkin... Bu alohida bir mavzu...


 
     Xoliyor Safarov,
                                                                                            “O‘zbekiston tarixi” telekanali bosh muharriri

Yurgan daryo deyishadi. Safar qilish insonni fikrlashga, qiyoslashga undaydi, tafakkuringizni boyitadi, tarixga bo‘lgan qarashlaringizni o‘zgartiradi. Hindistonga safarimiz men uchun ana shunday ma’naviy va intellektual sayohatlardan biri bo‘lmoqda. Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning Hindiston kutubxona va fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarni o‘rganish maqsadida Ibn Sino jamoat fondi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan birinchi ilmiy ekspedisiyada bunga amin bo‘lyapmiz.

O’zbekcha

MADANIYAT

obuna

Gazetamizga obuna bo‘ling

Bizning jurnalimiza obuna bo'ling va eksklyuziv maqolalar, fotosuratlar va intervyularni oling. O'quvchilarimiz jamoasiga qo'shiling va har bir sonni birinchi bo'lib oling!