DOLZARB

AQSHda momaqaldiroq payti samolyot o‘rmonga qulab, bortdagilarning barchasi halok bo‘ldi

AQSHning Viskonsin shtatida olti oʻrinli Piper PA-46 samolyoti oʻrmonga qulab tushdi. Bortdagi olti kishining barchasi, jumladan, bir nafar bola halok boʻldi. Bu haqda NBC Chicago xabar berdi.

Samolyot 13-oktyabr kuni kechqurun Kenosha shahridan Menomoni tomon uchayotganida Mirror Lake davlat bogʻi yaqinidagi oʻrmonzor hududga qulagan. Oʻsha paytda hududda kuchli yomgʻir yogʻib, momaqaldiroq kuzatilayotgan edi.

AQSH Transport xavfsizligi milliy kengashi (NTSB) maʼlumotiga koʻra, samolyot taxminan 7,3 ming metr balandlikda uchayotganida uchuvchi qanotlarni muz qoplayotgani haqida aviadispetcherga xabar bergan. U balandlikni pasaytirishga ruxsat soʻragan.

Dispetcher ruxsat bergach, samolyot oʻng tomonga burilib, pastlay boshlagan. Biroq koʻp oʻtmay uning pasayish tezligi keskin oshgan va havo kemasi bilan aloqa uzilgan. Samolyotning joylashuviga oid maʼlumotlar ham yoʻqolgan.

Sauk okrugi sherifi idorasiga halokat haqida bir nechta xabar kelib tushgan. Voqea joyiga yetib borgan qutqaruvchilar samolyotdagi besh nafar katta yoshli yoʻlovchi va bir bolaning jasadini topgan. Yerdaglardan hech kim jabrlanmagan, binolarga ham zarar yetmagan.

Halokatga nima sabab boʻlgan?

KSTP telekanali maʼlumotiga koʻra, samolyotni tajribali uchuvchi, Vudsvill shahridan boʻlgan tadbirkor Ron Rik boshqargan. Menomoni aeroporti komissiyasi raisi Daniel Jonson uchuvchini oʻn yillardan beri tanishini aytib, uning oʻlimidan qaygʻuda ekanini bildirdi.

“U juda yaxshi inson va katta tajribaga ega uchuvchi edi. Bu haqiqiy fojia”, dedi Jonson.

Uning fikricha, halokatga samolyotning noqulay ob-havo sharoitida uchishi bilan bogʻliq muammolar sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Jonson Piper turidagi samolyotlar momaqaldiroq paytida qiyinchiliklarga duch kelishi bilan tanilganini aytdi.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, qanotlarda muz toʻplanishi samolyotning havoda turish qobiliyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Hatto yupqa muz qatlami ham uchishni xavfli holatga keltirishi mumkin.

Halok boʻlgan boshqa yoʻlovchilarning shaxsi hozircha oshkor qilinmagan. Hodisaning aniq sabablarini AQSH Transport xavfsizligi milliy kengashi tekshirmoqda

Qurbonlar orasida bir nafar bola ham bor. Samolyot qulashidan oldin uchuvchi qanotlarni muz qoplagani haqida xabar bergan.

Foto: NBC News

English

DOLZARB

subscribe

Subscribe to our paper

Subscribe to our magazine for exclusive articles, photo stories and interviews. Join our readers and be the first to get every issue!