O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli 500 nafar musulmonlari ro‘yxatidan joy oldi. U Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari orasida eng yuqori natijani qayd etdi.
Qirollik Islom strategik tadqiqotlar markazi 2027-yil uchun «Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni» reytingini e’lon qildi. Unda Shavkat Mirziyoyev 40-o‘ringa joylashtirilgan.Reyting mualliflari O‘zbekiston prezidentining «Yangi O‘zbekiston» islohotlariga alohida e’tibor qaratgan.
Jumladan, iqtisodiyot va valyuta bozorini liberallashtirish, mamlakatni xorijiy investitsiyalar uchun ochish, xalqaro savdoni kengaytirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish hamda paxta dalalarida majburiy mehnatga barham berilishi e’tirof etilgan.
Shuningdek, uning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan tashqi siyosati, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlari ham qayd etilgan.Hisobotda O‘zbekistonda islom merosini asrab-avaylash va targ‘ib etish borasidagi ishlar ham alohida ta’kidlangan. Xususan, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualari, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, tarixiy madrasalarni restavratsiya qilish hamda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalari e’tirof etilgan.
Markaziy Osiyoning boshqa vakillaridan Tojikiston muftiysi Saidmuqarram Abdulqodirzoda ham reytingga kiritilgan. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va xonanda Dimash Qudaybergen ham ro‘yxatdan joy olgan. Qirg‘iziston va Turkmaniston vakillari esa bu yilgi ro‘yxatga kiritilmagan.
Reytingning yana bir o‘ziga xos jihati — unda ilk bor birinchi o‘rin besh nafar shaxsga birgalikda berilgan. Bunga Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasida 2026-yil 7-avgustda imzolangan Makka qo‘shma mudofaa pakti sabab bo‘lgan.
Birinchi o‘ringa Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, mamlakat Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Asim Munir va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, reytingda dastlabki 50 nafar shaxs aniq o‘rinlar bilan ko‘rsatiladi. Qolgan ishtirokchilar esa faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha toifalarga ajratiladi.








